Respublika Bolalar kutubxonasiga tashrifi
Toshkent Tibbiyot Akademiyasining O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi ingliz tili o‘qituvchisi Norboboyeva Saida 25-noyabr kuni talabalar bilan Respublika bolalar kutubxonasiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrifning maqsadi talabalarni kutubxonaning imkoniyatlari bilan tanishtirish, ularning kitobxonlik madaniyatini oshirish va ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish edi.
Kutubxona xodimlari o‘qituvchi va talabalarni samimiy qabul qilishdi va kutubxonaning ichki sharoitlari bilan yaqindan tanishtirish uchun ekskursiya o‘tkazishdi. Ekskursiya davomida kutubxonadagi bo‘limlar, o‘quv zallari, elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, kutubxona tarixiga oid qiziqarli faktlar va unda mavjud noyob kitoblar haqida ham so‘z yuritildi.
Talabalar mazkur ekskursiyadan katta taassurot olib, kutubxonaning zamonaviy sharoitlari va turli xil resurslariga qiziqish bildirishdi. Bu ularda nafaqat ingliz tilida kitob o‘qishga bo‘lgan motivatsiyani oshirdi, balki umumiy bilimga bo‘lgan qiziqishlarini ham kuchaytirdi.
Ma’lumot uchun, kutubxona binosi XIX asr oxirida qo‘qonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. Turli yillarda bu binoda Toshkent shahar dumasi va Jamoat yig‘ini, 1965-yildan esa mashhur bolalar kutubxonasi faoliyat ko‘rsatgan. 2020 yilda bu tarixiy binoni qayta tiklash ishlarini boshlandi va zamonaviy jihozlandi. Uni ta’mirlash ishlarida sankt-peterburglik me’morlar ham qatnashishdi. Endi kutubxonaning eshiklari barcha uchun ochiq.
Bugun muassasa har jihatdan qulay, shinam va yorug‘. U nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylanmoqda. Kutubxona o‘zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 200 mingtaga yaqin kitob fondiga ega. Fond 1965-yildan buyon shakllantirilgan. Yangilangan kutubxonada o‘qish uchun qulay zallar mavjud. Qolaversa, ma’lumotlarni audio va video formatlarida ham olish mumkin.
Ekskursiya yakunida Norboboyeva Saida va talabalar kutubxona xodimlariga minnatdorchilik bildirib, esdalik uchun suratga tushishdi. Ushbu tashrif talabalar orasida ijobiy kayfiyat uyg‘otib, o‘qish va ilmiy tadqiqotga bo‘lgan munosabatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.